Malakalarni baholash markazlari tomonidan kasb imtihoni ko‘rinishida malakalarni mustaqil baholashni o‘tkazish qoidalari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 31 dekabrdagi “Malakalarni baholash tizimini tubdan takomillashtirish va mehnat bozorini malakali kadrlar bilan ta’minlash chora tadbirlari to‘g‘risida” PQ-4939-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan va Malakani baholash markazlari tomonidan kasb imtihoni ko‘rinishida malakani mustaqil baholashni o‘tkazish tartibini belgilaydi.
Malakani baholash shaffoflik, xolislik, mustaqillik, manfaatlar to‘qnashuvini istisno etish, shaxsga taalluqli ma’lumotlarning maxfiyligi va ochiqlik tamoyillari asosida o‘tkaziladi.
Malakani baholash, Malakani baholash markazi tomonidan kasb imtihoni ko‘rinishida
baholash vositalari, shu jumladan onlayn testni o‘tkazishga mo‘ljallangan dastur ta’minotidan foydalangan holda amalga oshiriladi. Bunda, malakani baholash jarayoni Internet tarmog‘ida efirga uzatilib, elektron tashuvchi jismda videoyozuv orqali qayd etiladi.
Malakani mustaqil baholashga qo‘yiladigan talablar:
- Malakani baholash talabgor tashabbusiga ko‘ra;
- Kasb-hunarga o‘qitish markazi tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar doirasida – kasb - hunarga o‘qitish markazi mablag‘lari;
- Xususiy bandlik agentligi tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar doirasida – xususiy bandlik agentligi mablag‘lari
- Ish beruvchi yo‘llanmasi bo‘yicha – ish beruvchi mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.
Malakalarni baholash va malaka imtihonini o‘tkazish tartibi
Malaka imtihonidan o‘tish uchun malakalarni baholash markaziga talabgor bevosita yoki
pochta aloqasi orqali yoxud umumiy foydalanishdagi axborot-kommunikatsiya tarmoqlari, jumladan, internet tarmog‘idan foydalangan holda elektron shaklda quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
- Ariza;
- Pasport yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatning nusxasi;
- Malakalarni baholashni o‘tkazish xizmatlari uchun to‘lovni tasdiqlovchi hujjat nusxasi;
- Zarur bo‘lganda, bu qonunchilikda belgilangan bo‘lsa, kasb faoliyatining alohida turlarini amalga oshirishga tegishli ruxsat beruvchi hujjatlar nusxalari.
Malaka imtihoni zaruratga qarab, ammo har uch oyda kamida bir marta o‘tkaziladi.
Malaka imtihoni topshirishga ruxsat berilgan talabgorlarning ro‘yxati Kasb imtihoni o‘tkazilish sanasidan kamida 10 kun oldin o‘tkazilish sanasi, vaqti va joyi ko‘rsatilgan holda malakani baholash markazining internet resursida e’lon qilinadi.
Malaka imtihonini topshirishga kelgan talabgor shaxsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etadi va imtihon topshiruvchilar ro‘yxatida qayddan o‘tkaziladi.
Kasb imtihoni tegishli soha bo‘yicha ixtisoslashgan ekspertlardan iborat bo‘lgan malaka komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Test savollari va sinov (amaliy) topshiriqlari Kasb imtihoni komissiyasi qarori bilan tasdiqlanadi va zaruratga qarab yangilanib turadi. Bunda sinov (amaliy) topshiriq har bir kasb (malaka) bo‘yicha bitta amaliy vazifadan iborat bo‘ladi.
Malaka imtihoni ikki bosqichda o‘tkaziladi:
- Nazariy imtihon - (kompyuter texnikasidan foydalangan holda o‘tkaziladigan test sinovlari)
- Kasbiy amaliy imtihon
Malaka imtihon natijalari ballar qo‘yish yo‘li bilan 100 ballik tizimda baholanadi. Malaka imtihoni umumiy natijalari bo‘yicha talabgor 70 va undan kam ball to‘plagan hollarda «qoniqarsiz» baholangan deb hisoblanadi.
Hujjatlari imtihondan o‘tishga taqdim etilgan, lekin pasport yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjat taqdim etmagan yoki imtihonga kechikkan, yoki uzrli sabablarga ko‘ra imtihonga kela olmagan talabgorlar navbatdagi malaka imtihoniga kiritiladigan shaxslar ro‘yxatiga kiritiladi hamda bu haqda bevosita, pochta yoki elektron aloqa vositalari orqali uch ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda xabardor qilinadi.
Talabgor tartibga muvofiq ikki marta ogohlantirilgan va malaka imtihoniga kelmagan taqdirda, taqdim etilgan hujjatlar talabgorga qaytariladi. Ushbu holatda malaka imtihonini topshirish uchun to‘langan yig‘im qaytarilmaydi.
Malaka imtihoni talabgorning arizasida ko‘rsatilgan tilda o‘tkaziladi.
Malaka imtihonlaridan o‘tgan talabgorga malakani baholash markazi tomonidan malaka pasporti beriladi (uch kun muddatda), Malaka imtihonidan o‘tishda qoniqarsiz baho olingan taqdirda – talabgorga tavsiyalarni o‘z ichiga olgan malaka imtihonidan o‘tganligi haqida xulosa beriladi.
Berilgan malaka pasporti haqidagi ma’lumotlar Tasdiqlangan malakaga ega shaxslar Milliy reestriga kiritiladi.
Malaka imtihoni natijalaridan norozi bo‘lgan talabgorlar malakani baholash markazi direktorining tegishli buyrug‘i bilan tuziladigan apellyatsiya komissiyasiga ariza berish huquqiga ega.